Rivojlanish piramidasi bu qanday klasifikatsiya?

Bola rivojlanishi murakkab va bosqichma-bosqich kechadigan jarayondir. Vilyams va Shellenberger tomonidan ishlab chiqilgan Rivojlanish piramidasi (yoki ta’lim piramidasi) ushbu jarayonni tushuntirib berishga yordam beradi. Bu piramida orqali biz bolalarning qanday qilib o‘rganishi, rivojlanishi va murakkab ko‘nikmalarga ega bo‘lishini bosqichma-bosqich tushunib olamiz.

Piramida pastdan yuqoriga qarab quriladi. Har bir yuqori bosqich pastki bosqichlarga tayanadi. Shuning uchun bola akademik bilimlarni egallashidan oldin, uning poydevori — ya’ni fiziologik va sezgi-harakat faoliyati to‘liq shakllangan bo‘lishi kerak.

Demak

1. Poydevor: Markaziy nerv tizimi
Bola rivojlanishining asosi — bu markaziy nerv tizimi (miya va orqa miya). U barcha keyingi rivojlanish jarayonlarining boshqaruv markazi hisoblanadi. Nerv tizimining yetukligi bolaning sensor, harakat va aqliy rivojlanishiga zamin yaratadi.

2. Sensor bosqichi (tashqi axborotni qabul qilish)
Bu bosqichda bola atrof-muhitdan turli sezgilar orqali axborot oladi:
– Teri orqali sezish – harorat, og‘riq, bosim kabi sezgilarga javob.
– Vestyubulyar tizim – bola tanasining muvozanatini saqlash, fazoda yo‘nalishni aniqlash.
– Propriosepsiya – bola o‘z tanasining harakati va holatini sezishi.
– Ko‘rish, eshitish, hid va tam bilish – axborotni qabul qilishda muhim rol o‘ynaydi.

3. Sensomotor bosqich (sezgi va harakat uyg‘unligi)
Bu bosqichda bola o‘z sezgilari bilan harakatlarini muvofiqlashtiradi:
– Idrok qilish – atrofdagi narsalarni tushunish va farqlash.
– Postural reflekslar – harakatlar orasida muvozanatni saqlash.
– Tanasini his qilish – bolaning o‘z tana qismlarini anglash.
– Ko‘z va qo‘l muvofiqligi – masalan, ko‘z bilan to‘pni ko‘rib, qo‘l bilan tutib olish.
– Muvozanat – yurish, o‘tirish, sakrash kabi faoliyatlarda ishtirok etadi.
– Ko‘z harakatlarini nazorat qilish – diqqatni jamlash va harakatni boshqarishda muhim.

4. Kognitiv bosqich (aqliy rivojlanish)
Bu bosqichda bola quyidagi muhim ko‘nikmalarga ega bo‘ladi:
– Mustaqil harakat qilish
– Diqqatni jamlash va boshqarish
– Hulq-atvorni tartibga solish
– Nutqiy va eshitish ko‘nikmalari
– Ko‘z orqali maydonni idrok etish

5. Akademik bosqich (ta’lim olish)
Piramidaning eng yuqori bosqichida bola quyidagi murakkab faoliyatlarni bajara oladi:
– O‘qish va yozish
– Matematika va boshqa fanlardan bilim olish
– Mantiqiy fikrlash va muammo yechish

Xulosa: Ota-onalar va logopedlar uchun tavsiya
Agar bola gapirmasa, o‘qishda qiynalsa yoki o‘zini tutishda muammo bo‘lsa, avvalo uning poydevori qanday rivojlanganiga e’tibor qaratish zarur. Har bir bolaning o‘ziga xos rivojlanish yo‘li bo‘ladi. Logopedlar, defektologlar va ota-onalar bola bilan ishlashda bu piramida tamoyiliga amal qilishlari muhim:
– Harakat va sezgi muammolari bo‘lsa, akademik mashg‘ulotlar emas, avvalo jismoniy va sezgi rivoji ustida ishlash kerak.
– Har bir bosqichda bolaning ehtiyojini to‘g‘ri aniqlab, unga mos mashqlarni tanlash lozim.
– Shoshilmaslik, balki bola rivojlanishining tabiiy ritmini inobatga olish muhim.

Shunda bola o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta oladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar bilan belgilangan