Bugungi kunda bola ovqatlanmasa — multfilm qo‘yiladi, yig‘lasa — telefon beriladi, zeriksa — planshet beriladi. Texnologiyalardan foydalanish hayotimizni yengillashtirgandek tuyuladi. Ammo bu “yengillik” bolamiz nutqiga, aqliy va ruhiy rivojiga qanday narxda tushayotganini o‘ylab ko‘rganmisiz?
Bola uchun gaplashish — o‘rganishning boshlanishi
Bola tilni, so‘zlarni va gap tuzishni jonli muloqotda o‘rganadi. U onaning ko‘ziga qaraydi, yuzidagi ifodani, ovozdagi ohangni, tana harakatlarini kuzatadi. Shunday qilib u tilni emas, muloqotni o‘rganadi.
Lekin ekran — bu faqat tasvir va tovush. U bolaga javob qaytarmaydi. Bola savol bersa, televizor jim. Unga “yo‘q” desa, planshet norozilik bildirmaydi. Bu bir tomonlama axborot oqimi bo‘lib, bolada muloqot qobiliyatini rivojlantirmaydi, balki sekinlashtiradi.
ZARARLARI:
So‘z boyligining kambag‘allashuvi
Bolalar ekran orqali minglab so‘z eshitishadi, lekin ulardan foydalanmaydi. Bu esa faqat passiv eshituvga olib keladi. Faol so‘zlashuv (gapirib ko‘rish, tushunish, javob berish) esa yetishmaydi.
Fon so‘zlashuvning yo‘qolishi
Gadjetga berilgan bola o‘z olamiga kirib ketadi. Shu paytda atrofdagi odamlar bilan suhbatga ehtiyoj sezmaydi. Bu esa uning ijtimoiy rivojlanishini, empatiya va ifoda qobiliyatini to‘xtatadi.
Eshitish orqali idrokning susayishi
Professorlar kuzatishicha, gadjetga odatlangan bolalar oddiy so‘zlarni eshitib anglashda qiynaladi, gapni so‘rashdan ko‘ra ishora qilishni afzal ko‘radi.
Ekranlarda haddan tashqari tez harakat
Multfilm yoki video o‘yinlarda syujetlar juda tez almashadi. Bola shunga o‘rganib qoladi. Natijada oddiy hayot voqealari unga zerikarli tuyuladi. U tinglashni xohlamaydi, diqqatni jamlay olmaydi.
PSIXOLOGIK TOMONI: BO‘G‘ILGAN HIS-TUYG‘ULAR
Rivojlanayotgan bola o‘z his-tuyg‘ularini ifoda qilishni o‘rganishi kerak. Gadjet esa bu his-tuyg‘ularni “bosadi”:
Bola yig‘lasa — multfilm qo‘yiladi.
Zeriksa — planshet beriladi.
Tõpalon — telefon bilan chalg‘itiladi.
Natijada bola o‘z hissiyotlarini so‘z bilan ifoda etishni emas, yashirishni o‘rganadi. Bu esa katta yoshda ruhiy muammolar va o‘z fikrini ayta olmaslikka olib keladi.